ALISHER NAVOIYNING “HAYRAT UL-ABROR” DOSTONINI OʻRGANISH BOʻYICHA TAVSIYA

Rustamova Lobarxon

Namanagan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tuman XTBga qarashli 1-IDUM ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi. NamDUning mustaqil tadqiqotchisi. emanzil:lobarrustamova1311@gmail.com

Annotatsiya. Ushbu maqolada Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarini qanday oson usullarda oʻqitish yaxshi natija berishi haqida soʻz boradi. Barcha umumta’lim maktablarida quyida keltirilgan usullardan samarali foydalansa maqsadga muvofiq boʻladi.
Kalit soʻzlar: “Xamsa”, durroj, saxiylik, kreativ fikr, Hirotnoma, xasis,”Hayrat ul-abror”.
Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarda namoyon boʻladi. Tarixiy merosni asrab-avaylash va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustivor yoʻnalishlaridan biridir [1, 12-b.].

Uygʻonish davri-uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda [2]. Ulugʻ oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning oʻlmas asarlari mana, bir necha asrlardan buyon xalqimizning

ma’naviy ehtiyojini qondirib kelmoqda. Zotan, shoir asarlariga boʻlgan talab va ehtiyoj biror asrda ham kam boʻlmagan. Turkiy xalqlar adabiyotiga nazar tashlasak, qanchadan -qancha shoirlar kelib ketmadi, deysiz. Lekin hech biri Navoiydek “xoʻb” va “koʻp” ijod etmagan. Tom ma’noda Navoiy turkiy xalqlar adabiyoti osmonining qoʻl yetmas quyoshi, dunyo adabiyoti daho shoirlaridan biri [3, 6–9-b].
Darhaqiqat, Navoiy ulkan san’atkor, aytgan soʻziga oʻzi amal qilgan pokiza qalb e’tiqodli, valiy bir insondir. Har bir davrning qaysi sohasi va mavzusi boʻlmasin, astoydil istalsa, Navoiy asarlaridan javob topiladi.
E’tibor berilsa, hazrat Navoiy “Xamsa” sining tarkibidagi har bir asarni Allohga hamdu sano va munojot bilan boshlab, keyingi ikki-uchta bobni Rasullloh sallollohu alayhi vassallamning na’tu tavsiflariga, moʻjizalarining bayoniga bagʻishlangan. ”Hayrat ul-abror”ning birinchi bobini “Basmala”ga bagʻishlab, unda ushbu muborak iboraning fazilatlari va mazmun-mohiyatini ajoyib bir shoirona uslubda bayon qiladi. Hatto “Saddi Iskandariy”da hamdu sano, munojot va na’tlardan keyingi beshinchi bobning sarlavhasida ushbu besh dostonni besh mahal nomozga oʻxshatadi va ularning har birini oyatlar bilan izohlaydi.

Alisher Navoiyning “Xamsa” asariga kirgan birinchi doston “Hayrat ul-abror”, ya’ni “Yaxshi kishilarning hayratlanishi” deb nomlanadi. Mazkur doston 63 bob, 20 ta maqolatdan tashkil topgan. Har bir maqolat bir mavzuga bagʻishlangan boʻlib, shoir, avvalo, oʻquvchini bir mavzu bilan tanishtiradi. Soʻngra oʻsha mavzuga munosabat bildirib, uni har jihatdan tasvirlaydi. Oʻquvchining tasavvurlari aniq boʻlishi uchun juda koʻp qiyoslar keltiradi va eng soʻngida mavzuga mutanosib ibratli hikoyatni bayon qiladi.
“Sher bilan durroj” hikoyati oʻrin olgan oʻninchi maqolatning “Rost soʻz ta’rifida” qismi ham xuddi shunday qurilishga ega.
Dostonning bir qismi rostlik, toʻgʻrilik tushunchalariga bagʻishlangan.
5-sinfda Alisher Navoiy hayoti va ijodi hamda “Hayrat ul-abror” dostonini oʻrganish uchun oʻquv dasturda 3 soat vaqt berilgan. 1-soatda shoir hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar berilsa, 2–3-soatlarda “Hayrat ul-abror” dostoni boʻyicha mashgʻulot olib boriladi.
Oʻquvchilarning yoshini hisobga olgan holda mutafakkir hayoti va qoldirgan ma’naviy merosiga bagʻishlangan 1-soatni “Tafakkur”, ”Kim ziyrak?”, “Aqliy hujum’’ usullari orqali, 2–3-soatlarda “Loyiha”, ”Impuls-plakat”, “Musobaqa”usuli orqali tushuntirish mumkin.
Oʻquvchilar 4 guruhga ajratiladi, nomlanadi. (“Adabiyotchilar”, ”Tarixchilar”, ”Geograflar”, ”Biologlar”). Oʻquvchilar guruh nomlarini oʻzlari tanlashlari mumkin. Guruhlarning javoblarini baholab boradigan turli fan oʻqituvchilaridan iborat hay’at a’zolari tayinlab olinadi.
Darsning avvalida Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar “Klaster” usuli orqali soʻraladi. Bunda oʻquvchilar shoir hayot yoʻli va ijodiga doir bilgan ma’lumotlarini keltiradilar. Shundan soʻng “Kim ziyrak?” usuli orqali tezkor savol-javob orqali oʻquvchilar bilimi sinaladi. Ixtiyoriy 2 nafar oʻquvchiga quyidagi savollar beriladi:
1. Navoiy qayerda tugʻilgan? (Hirotda)
2. Uning toʻliq ismi nima? (Nizomiddin Mir Alisher)
3. Navoiyning ustozlari kimlar? (Abdurahmon Jomiy, Lutfiy)
4. ”Xamsa“ necha dostondan iborat? (5 dostondan)
Savollarning barchasiga toʻliq javob bergan oʻquvchiga shoirning hikmatli soʻzi yozilgan ragʻbat taqrqatmasi beriladi.
Dars jarayonida qoʻllaniladigan pedagogik texnologiyalar oʻquvchi yoshiga, qabul qilish xusisiyatiga mos boʻlgan holda boʻlishi lozim. Texnologiyalar soddadan murakkabga qarab qoʻllanilishi kerak. Oʻquvchilar quyi sinflarda ham Alisher Navoiy haqida ma’lumot olishgan. Bugungi kun talabiga muvofiq har bir oʻquvchi kreativ fikrlashga ega boʻlishi zarur. Shu oʻrinda “Tafakkur” metodini qoʻllaymiz.
Oʻquvchilar Alisher Navoiy qachon, qayerda tugʻilganligi, hikmatli soʻzlari, shoir haqidagi rivoyatlarni yozadilar.
“Kim ziyrak?” usulida oʻquvchilar yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib,oʻzlarini qiziqtirgan savollarni yozadilar, guruhlar oʻz savollarini almashadi. Shunda shoir haqidagi ma’lumotlar mukammal boʻladi.
Darsning ikkinchi soatlarida Navoiyning “Xamsa” dostoni, unga kiritilgan asarlar haqida, ”Hayrat ul-abror” dostinida odob-axloq, kamtarlik, saxiylik, toʻgʻri soʻzlik kabi ibiratli fazilatlarni, xasislik, yolgʻonchilik, odobsizlik kabi salbiy hislatlarni “Loyiha” metodi orqali katta vatman qogʻozda bayon etadilar.
Bobomiz har bir inson oʻziga toʻgʻrilikni odat qilmogʻi haqida soʻz yuritar ekan, kimki toʻgʻrilik yoʻlini qanday ekanligini bilmoqchi boʻlsa, bu yoʻl ikki xil boʻladi, deydi. Birinchisi, toʻgʻrisoʻz odam. Agar u toʻgʻri soʻzli boʻlsa, uning ishi ham toʻgʻri boʻladi. Agar uning aytgan soʻzi toʻgʻri boʻlmasa, boshqa aytgan gaplari ham toʻgʻri boʻlmaydi, deydi shoir.
Dostonning oʻninchi maqolatidagi “Sher va durroj” hikoyati oʻquvchilar uchun juda maroqli, tasirli boʻladi. ”Impuls-plakat” usulida guruhlar oʻrtasida “Musobaqa” boʻlib oʻtadi. Eng yaxshi loyiha taqdimoti oʻquvchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Maqolatni muhokama qilish davomida guruhlarga topshiriqlar beriladi. Ularga rasmlar tarqatiladi. Ular rasmga mos matnni aniqlaydilar va tegishli maqolatlardan hikoyatlar keltiradilar. Har bir guruhning plakatiga loyiha topshiriqlari yoziladi. Plakatga tushunmagan joylarini chizishlari mumkin. Hikoyatlar orasidan eng qiziqarli boʻlganini muhokama qilib, sher bilan durroj oʻrtasidagi adovatning kelib chiqish sabablarini bayon etadilar.
”Hayrat ul-abror” dostonini oʻrganish dars jarayonida didaktik oʻyin usulidan foydalanish yaxshi samara beradi. “Rost soʻz” oʻyini orqali har bir oʻquvchi oʻzining shaxsiy fazilatlarini koʻrsatishi mumkin. Oʻquvchilar oʻzlarini rost soʻz deb bilgan insonlarga yaqin olib, oʻzlarini ularning izdoshidek his qiladilar. Shu tariqa toʻgʻrilikka, samimiyatga oʻrgatadilar.
Shoir asarlarini oʻrganish jarayonida oʻquvchilarga turli xil topshiriqlarni berish orqali ma’naviy olamlarini boyitish kerak. Zotan, Navoiy asarlari oʻzbek xalqining bebaho ma’naviy boyligidir.

Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev Sh. M. Ajdodlar faxrimiz.Yoshlarga donolar oʻgiti. – T.: Gʻafur Gulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. – 127 b. 2. Rafiddinov S. Mumtoz adabiyot durdonalari: Navoiydan chu topqaylar navoye . – T.: ”Hilol-nashr”, 2014. – 221 b. 3. Abdullayev K. ”Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrgatish jarayonida fanlararo integratsiyadan foydalanish”. – T.: ”Nodirabegim” nashriyoti, 2021. – 90 b. 4. Ahmedov S.,Qosimov B., Qochqorov R., Rizayev Sh. Adabiyot darsligi. 5-sinf. 1-qism. – T.: Sharq, 2015. – 217-b.
Journal 1
METODIST JURNALI 2024-yil 1-son
yuklab olish