TA’LIM JARAYONINI MODULLI OʻQITISH TЕXNOLOGIYASI ASOSIDA TASHKIL QILISH

Mamarajab TOJIYEV

pedagogika fanlari doktori, professor Еl-manzil: tajiev@umail.uz

Yulduz AKKULOVA

TKTI Yangiyer filiali katta oʻqituvchisi Еl-manzil: Yulduz_akkulova@mail.ru

Annotatsiya. Maqolada texnika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari matematika darslarini modulli ta`lim texnologiyasidan foydalangan holda tashkil etish yoʻllari xususida soʻz yuritiladi.
Kalit soʻzlar: ta’lim, tarbiya, texnologiya, metod, usul, modulli ta’lim, raqobatbardoshlik, bilim, koʻnikma, malaka.

Ta’lim tizimining asosiy maqsadi, barcha sohalarda kasbiy yetuk shaxsni shakllantirish, uning bilim, koʻnikma va malakalarini rivojlantirish hamda raqobatbardosh mutaxassisni tayyorlashdan iborat.
Xorij tajribalari tahlili shuni koʻrsatadiki, jamiyat taraqqiyoti ta’lim-tarbiya sohasiga joriy etilgan innovatsion texnologiyalarning rivoji va takomillashuvi bilan bogʻliq.
Mazkur jarayonni takomillashtirish uchun oʻqitishda innovatsion yondashuvlar va ularning tarkibiy qismi boʻlgan modulli ta’lim texnologiyasi asosida oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish hamda shu orqali ta’lim sifat-samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi.

Modulli ta’lim an’anaviy ta’limga muqobil ravishda paydo boʻlgan boʻlib, zamonimizning pedagogik nazariyasi va amaliyotida toʻplangan barcha ilgʻor gʻoyalarni yaxlit holatga keltirgan. Modulli ta’limning asosiy maqsadi talabalar tomonidan aniq oʻquv mavzusi boʻyicha bilimlar tizimini oʻzlashtirish va ularni ma’lum koʻnikmalarga aylantirishdan iboratdir.
Modulda oʻquv mashgʻulotlarini (tugallangan axborotlar bloki) 3–6 soatli ma’ruza mashgʻulotlari va shu bilan bogʻlangan amaliy, seminar va laboratoriya mashgʻulotlaridan (taxminan 16–18 soat vaqtga moʻljallansa maqsadga muvofiq boʻladi) iborat boʻlinishidir.
Modullarni shakllantirish uchun asos boʻlib fanning ishchi dasturi xizmat qiladi. Modul koʻpincha fan mavzusi yoki oʻzaro bogʻlangan mavzulardan iborat boʻlishi mumkin. Biroq, mavzudan farqli oʻlaroq modulda hamma narsa oʻlchanadi, hamma narsa baholanadi.

Modulli oʻqitish texnologiyasida oʻquv materiali ketma-ket quyidagicha bloklarga ajratiladi: axborot bloki (oʻzlashtirish lozim boʻlgan ma’lumotlar); qoʻllash bloki (masala yechish, egallagan bilim asosida topshiriqlarni bajarish); axborotlarni korreksiyalash bloki (notoʻgʻri javoblarda qoʻshimcha tushuntirish, yordam berish, mashq ishlash); test-axborot bloki (oʻzlashtirilgan axborotni tekshirish); tekshirish va tuzatish bloki [1, 48-b.].
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda mazkur oʻqitish texnologiyasi asosida ta’lim jarayoni modullar kosimida loyihalashtiriladi. Unda, talabalarning fan dasturi asosida mustaqil ta’lim olishlariga alohida urgʻu beriladi, uni tashkil etish mexanizmi muammoli yondashuv asosida amalga oshiriladi.
Ta’lim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) Davlat ta’lim standarti va oʻquv rejalarining yangi avlodi yaratilishida xorijiy tajribalarga asoslangan holda oʻquv rejaga oʻqitish jarayonini loyihalashtirishga oid yangi fan kiritilishiga alohida etibor qaratildi.
Masalan, ta’limni loyihalashtirishga oid AQSH Jordjiya shtati universitetida (Valdosta State University) EDAT 6000: Professional Decision Making. 3*36=108 hours EDAT 7132: Framework for Teaching. 3*36=108 hours – fani kiritilgan boʻlsa, Rossiya ta’lim tizimida Педагогическое проетирование. Проектирование образовательной среды – fanlari kiritilgan. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi texnika sohasidagi oliy ta’limning magistratura mutaxassisliklariga “Texnika turkumidagi fanlarni oʻqitish jarayonini loyihalash” fani kiritildi [2].
Demak, professor-oʻqituvchilar talabalarda modulli texnologiya asosida oʻquv mashgʻulotlar loyihallarini tuzish koʻnikmasini shakllantirish vazifasi turadi.

Birinchi. Oʻquv fanining umumiy maqsadi hamda shu fanning katta va oʻrta boʻlak (modul)larining oldiga qoʻyilgan maqsadlarini ifoda etuvchi, keyinchalik, barcha oʻquv mashgʻulotlari loyihasini tuzishga xizmat qiladigan, umumiy jadvallarini tuzish:
- birinchi, muayyan oʻquv fanini yaxlit bir butunlikda anglab, uni eng yuqori iyerarxiya pogʻonasidagi "Eng katta modul" deb qabul qilinadi. Soʻngra, oʻquv fanining oldiga qoʻyilgan umumiy ta’limiy maqsadlari va bu fanga ajratilgan soatlar belgilanib, jadval shakliga keltiriladi. Oʻquv fanning umumiy maqsadlari, shu oʻquv fani uchun ishlab chiqilgan DTS va jamiyatni mustaqil Oʻzbekiston fuqarolarining ijtimoiy sifatlariga koʻygan talablariga javob berishi shart;
- ikkinchi, shu fan, ya’ni eng katta modul ichidagi bilimlarning mantiqiy bogʻliqligi va fikrni tugallanganligidan kelib chiqib, oʻquv materiali katta boʻlaklarga, ya’ni boblarga boʻlib chiqiladi va ular "Katta modul" deb nomlanadi. Shundan soʻng, har bir katta modulning maqsadlari belgilanadi, ularga ajratilgan soatlar koʻrsatilib, jadval shakliga keltiriladi. Katta modullar maqsadlari eng katta moduldagi maqsadlardan kelib chiqib, uning ajralmas bir qismi sifatida boʻlishi shart. Har bir katta modulga ajratilgan soatlar yigʻindisi, shu fanga berilgan soatlarning umumiy soniga teng boʻlishi kerak;
- uchinchi, har bir katta modul (bob)lar ichidan mantiqan bogʻliq boʻlgan, shu bilan barobar, hajm jihatidan bir juft soatlik oʻquv mashgʻuloti orqali talabalarga yetkazilishi lozim boʻlgan bilimlar ajratiladi va ularga "Oʻrta modul" deb nom berilib, ularning ham ta’limiy va tarbiyaviy maqsadlari koʻrsatiladi va jadval shakliga keltiriladi.
Shu bilan milliy pedagogik texnologiya tamoyillari asosida oʻquv mashgʻulotlarini loyihalashning umumiy jadvallari tuzilgan boʻladi.

Ikkinchi. Har bir juft soatlik oʻquv mashgʻulotining, ya’ni, har bir oʻrta modulning xususiy jadvallarini tuzish:
- birinchi, bir juft soatlik oʻquv mashgʻuloti, ya’ni oʻrta modulni, undagi beriladigan bilimlarning mantiqiy bogʻliqligi va fikrning tugallanganligini inobatga olib, bir nechta “Kichi modul”larga boʻlinadi. Soʻng, yuqorida qoʻyilgan umumiy maqsadlardan kelib chiqib, har bir kichik modul oldiga koʻyilgan ta’limiy maqsadlari belgilanadi va har bir kichik modulga ajratiladigan vaqt koʻrsatiladi. Shundan soʻng, shu kichik modul yakunida talabalar bajarishi shart boʻlgan ish harakatlar aniqlanadi va jadval shakliga keltiriladi;
- kkinchi, har bir kichik modullar orqali beriladigan bilimlar ichidan tayanch tushunchalarni ajratib, ular asosida talabalar bilim va koʻnikmalarini baholash uchun nazorat savollari tuziladi, baholashning tur va mezonlari aniqlanadi hamda jadval shakliga keltiriladi;
- uchinchi, oʻqituvchi oʻquv mashgʻulotini oʻtishda pedagogik texnologiyaning qanday usullari va vositalarini qoʻllashini aniq belgilab, jadval shakliga keltiriladi;
- toʻrtinchi, har bir kichik modul yakunida talabalarning egallagan bilimlarini baholash va nazorat qilish usullari aniqlanadi va jadval shakliga keltiriladi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ta’limning bu modulli tizimi har bir oʻquv fanini boʻlak va boʻlakchalar asosida oʻquv mashgʻulotlarini loyihalash imkonini beradi. Natijada, bunday mashgʻulotlarda oʻqituvchi oʻzining pedagogik faoliyatini mustahkam reja asosida toʻgʻri yoʻlga qoʻyishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy ta’lim jarayoniga oʻqitishning innovatsion texnologiyalaridan biri boʻlgan modulli ta’lim texnologiyasini joriy qilish bilan bir qatorda uning nazariy asoslarini chuqur oʻrganib borish lozim boʻladi. Sababi, oʻqituvchi pedagogik faoliyat jarayonida modulli ta’lim texnologiyasi asosida oʻquv mashgʻulotini loyihalashtirayotgan boʻlsa, u nafaqat oʻquv maqsadlariga erishgan boʻladi, balki oʻzining va talabalarning intellektual, didaktik va ijtimoiy maqsadlariga ham erishadi.

Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Изетаева Г. К. Математика фанларини модул технологияси асосида ўқитишнинг назарияси ва амалиёти. / Монография. – Т.: “Fan va Texnologiya”, 2013. – 190 б. 2. Тожиев М., Зиёмуҳаммадов Б. Миллий педагогик технологиянинг таълим-тарбия жараёнига татбиғи ва уни ёшлар интеллектуал салоҳиятини юксалтиришдаги ўрни. / Монография. – Т.: «Mumtoz soʻz», 2010. – 214 б.

Journal 1
METODIST JURNALI 2024-yil 2-son
yuklab olish